GTA VI Janubiy Koreyada taqiqlanishiga bir bahya qoldi

Janubiy Koreya reyting agentligi ochiq sahnalar ko'pligi sababli GTA VI o'yinini mamlakatda chiqarishni deyarli taqiqlab qo'ygandi.
Rockstar Games kompaniyasining kutilayotgan Grand Theft Auto VI o'yini Janubiy Koreyada rasman sotuvga chiqmay qolishiga bir bahya qoldi. Mahalliy reyting agentligi mutaxassislari loyihadagi ochiq va behayo sahnalar ko'pligi sababli unga yosh cheklovini berishni rad etish masalasini bir necha majlis davomida muhokama qildi.
Nima uchun e'tiroz bildirishdi?
Koreya regulyatorining asosiy xavotiri o'yindagi zo'ravonlik yoki jinoyat sahnalari bilan bog'liq bo'lmadi. Komissiya a'zolarini o'yinda erkaklar yalang'och tanasi va jinsiy a'zolarining jinsiy kontekstsiz tez-tez ko'rsatilishi ajablantirdi. Mutaxassislarning fikricha, o'yindagi zo'ravonlik unsurlari 2013-yilda chiqarilgan hamda "Kattalar uchun" reytingini olgan GTA V dan keskin farq qilmaydi, biroq behayo kontent chegaradan chiqib ketgan.
Yig'ilish bayonnomasida komissiya a'zolaridan biri noshirlar har safar yangi qismni chiqarishda ruxsat berilgan me'yorlarni yanada kengaytirishga urinayotganini va bu borada qat'iy to'xtamga kelish zarurligini ta'kidlagan.

Uzoq muhokamalar va yakuniy qaror
O'yinga yosh cheklovini belgilash jarayoni bir necha bosqichda kechdi. 10-sentabr kuni bo'lib o'tgan birinchi majlisda komissiya a'zolarining ovozlari "3 ga 3" ko'rinishida bo'lindi. O'yinning o'ynab bo'ladigan versiyasini olgan regulyator 2-oktabrdagi ikkinchi majlisda yakuniy qarorni qoldirishga majbur bo'ldi. 8-oktabr kuni rejalashtirilgan uchrashuv esa kvorum yetishmagani sababli o'tkazilmadi.
Yakuniy qaror 16-oktabr kuni bo'lib o'tgan uchinchi majlisda qabul qilindi. Unda komissiyaning 8 nafar a'zosi GTA VI ga "Faqat kattalar uchun" reytingini berishni yoqladi va faqat 1 kishi rad etish uchun ovoz berdi. Shu tariqa o'yin Janubiy Koreyada rasmiy litsenziyaga ega bo'ldi.
Grand Theft Auto VI o'yini 2026-yil 19-noyabr kuni PlayStation 5 va Xbox Series X|S konsollarida sotuvga chiqishi rejalashtirilgan.
Yana o'qing

Zero Hour taktik shuteri PS5 va Xbox Series X|S'ga chiqadi
Zero Hour taktik shuteri 3-dekabr kuni PlayStation 5 hamda Xbox Series X|S konsollarida 25 dollar narxda sotuvga chiqarilishi ma'lum bo'ldi.

id Software sobiq xodimlari Hidden Horses studiyasini tuzdi
id Software kompaniyasidan bo'shatilgan 20 dan ortiq mutaxassis Hidden Horses studiyasini tashkil etib, Danger Pay otishmasini e'lon qildi.

Intergalactic: The Heretic Prophet yakuniy bosqichga o'tdi
Naughty Dog studiyasi Intergalactic: The Heretic Prophet o'yinini yaratishning yakuniy bosqichiga o'tdi va loyihani to'liq o'ynash mumkin bo'lib qoldi.

Darkest Dungeon Android porti 2.2 versiyasiga yangilandi
Wicked taxallusli dasturchi Darkest Dungeon o'yinining Android portiga Nintendo Switch versiyasi asosida 2.2 yangilanishini chiqardi.